Ommaviy oferta
Oxirgi yangilanish: 27.10.2026
"Taminot tizimi" MChJ (STIR 311069674, keyingi o'rinlarda — «Platforma») ushbu hujjat bilan mebellarbor.uz sayti, @mebellarBot Telegram boti va kanali (birgalikda — «Xizmat») dan foydalanish shartlarini e'lon qiladi. Hujjat O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367-moddasiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi.
1. Atamalar
- Xaridor — mebel qidirish va sotuvchi bilan bog'lanish uchun Xizmatdan foydalanadigan har qanday shaxs.
- Sotuvchi — Xizmatda do'kon ochib, mahsulot joylagan jismoniy yoki yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor.
- E'lon — Sotuvchi joylagan mahsulot rasmi, nomi, narxi va tavsifi.
- Firma sayti — Sotuvchining Platformada joylashgan alohida katalog sayti: <nom>.mebellarbor.uz manzilida yoki Sotuvchining o'z domenida.
- Tarif — Sotuvchi uchun pullik xizmat to'plami (bot tarifi, firma sayti tarifi) va uning muddati.
2. Ofertani qabul qilish (aksept)
- Xaridor — sayt yoki botdan foydalanishni boshlashi bilan.
- Sotuvchi — botda «✅ Tanishdim, roziman» tugmasini bosishi bilan. Rozilik vaqti va o'sha paytda ko'rsatilgan matn saqlanadi (Fuqarolik kodeksining 370-moddasi).
- Shartlarga rozi bo'lmagan shaxs Xizmatdan foydalanmasligi kerak.
3. Platformaning roli
- Platforma e'lon joylash va xaridorni sotuvchi bilan bog'lash xizmatini ko'rsatadi.
- Platforma oldi-sotdi shartnomasining tarafi emas. Mebel puli Platforma orqali o'tmaydi: narx, yetkazib berish, kafolat va qaytarish Xaridor bilan Sotuvchi o'rtasida hal qilinadi.
- Platforma mebel sifati, e'londagi ma'lumotning to'g'riligi va Sotuvchi o'z majburiyatini bajarishi uchun javob bermaydi, lekin shikoyatlarni ko'rib chiqadi va qoidabuzar e'lon yoki do'konni o'chiradi.
4. Xaridor uchun
- Xizmat Xaridor uchun bepul.
- Xaridor sotuvchiga yolg'on so'rov yubormaydi, ataylab soxta shikoyat yoki baho qoldirmaydi va Xizmat ma'lumotlarini avtomatik usulda ko'chirib olmaydi.
- Mebelni olishdan oldin uni ko'rib chiqish va to'lov shartlarini Sotuvchi bilan aniq kelishish tavsiya etiladi.
- Shaxsiy ma'lumotlar Maxfiylik siyosatiga muvofiq ishlanadi (https://mebellarbor.uz/privacy). Sotuvchi Xaridorning Telegram nomini (@username) yoki raqamini ko'rmaydi.
- Firma sayti — firmaning o'z katalogi: undagi ma'lumot uchun firma javob beradi, Platforma faqat saytni texnik joylashtiradi. Saytda savat, buyurtma va to'lov yo'q — firma bilan saytdagi kontaktlar orqali to'g'ridan-to'g'ri bog'lanasiz.
5. Sotuvchining majburiyatlari
- O'zi va do'koni haqida to'g'ri ma'lumot berish, telefon raqamini dolzarb saqlash.
- Faqat o'ziga tegishli yoki e'lon qilishga huquqi bor rasm va matnlarni joylash.
- Haqiqiy narxni ko'rsatish, sotilgan yoki mavjud bo'lmagan mahsulotni o'chirish.
- Qonun bilan taqiqlangan, mebelga aloqasi yo'q, aldamchi yoki birovning huquqini buzadigan e'lon joylamaslik.
- Xaridor bilan savdoda iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qonunchiligiga va o'z soliq majburiyatlariga rioya qilish.
- Firma saytidagi mahsulot, matn va kontaktlar uchun to'liq javob berish: sayt tahrirlari oldindan tekshirilmaydi, darhol e'lon qilinadi. Saytni Platforma xodimi to'ldirsa ham, u Sotuvchi bergan material asosida ishlaydi.
- O'z domenida ishlaydigan firma sayti uchun domenni o'zi ro'yxatdan o'tkazish, uzaytirish va DNS sozlamasini Platforma ko'rsatmasiga ko'ra qilish.
6. Platformaning huquq va majburiyatlari
- E'lonni admin tasdig'idan keyin sayt, bot va kanalda e'lon qilish.
- Shartlarni buzgan e'lonni rad etish yoki o'chirish, do'konni to'xtatish — sababini Sotuvchiga bildirgan holda.
- Sotuvchiga kabinetda jamlanma statistika berish (ko'rishlar, «Bog'lanish» bosilishi, qidiruv so'zlari). Qaysi xaridor ekani ko'rsatilmaydi.
- Firma saytini joylashtirish, uning xavfsiz ulanishini (HTTPS) ta'minlash; shartlar buzilsa, saytni to'xtatish.
- Profilaktika ishlari uchun Xizmatni vaqtincha to'xtatish, iloji bo'lsa oldindan ogohlantirib.
7. Pullik xizmatlar va tariflar
- Bot tarifi — do'kondagi mahsulot limiti, statistika chuqurligi va qo'shimcha imkoniyatlar. Bepul tarifda mahsulot soni va statistika muddati cheklangan; amaldagi limitlar sotuvchi kabinetida ko'rsatiladi.
- Firma sayti tarifi — firma katalog saytini joylashtirish va yuritish. Sinov muddati yo'q: sayt to'lovdan keyin ochiladi. Saytni Platforma xodimi to'ldirishi, o'z domeni va sayt statistikasi — tarifga qarab yoki qo'shimcha haq evaziga.
- Tarif narxi va tarkibi to'lovdan oldin Sotuvchiga hisob-fakturada ko'rsatiladi; to'lov — shu narx va shartlarga rozilik. Narx keyin o'zgarsa, allaqachon to'langan muddatga ta'sir qilmaydi.
- Platforma QQS to'lovchisi, lekin IT Park rezidenti bo'lgani uchun xizmatlar QQS 0% stavkasi bilan ko'rsatiladi.
8. To'lov tartibi
- To'lov oldindan, Platforma bergan hisob-faktura asosida bank o'tkazmasi orqali amalga oshiriladi. Onlayn to'lov tizimlari (Payme, Click) ulangach, ular orqali ham to'lash mumkin bo'ladi.
- Xizmat faktura to'liq to'langan paytdan boshlab yoqiladi yoki muddati uzaytiriladi. Qisman to'lov muddatni uzaytirmaydi.
- Ortiqcha to'langan summa Sotuvchi balansida qoladi va keyingi fakturaga o'tkaziladi.
- To'lov uchun qonunchilikka muvofiq fiskal chek beriladi.
- Bot tarifi muddati tugagach, do'kon bepul tarifga o'tadi: joylangan mahsulotlar o'chirilmaydi, faqat limitdan ortiq yangisini qo'shib bo'lmaydi. Firma sayti muddati tugagach, qisqa imtiyozli davrdan keyin to'xtatiladi; ma'lumotlari saqlanadi va to'lovdan keyin qayta ochiladi.
9. Pulni qaytarish
- Xizmat Platforma aybi bilan ko'rsatilmagan kunlar uchun muddat uzaytiriladi yoki shu kunlarga to'g'ri keladigan summa qaytariladi.
- Sotuvchi o'z xohishi bilan xizmatdan voz kechsa, ishlatilmagan muddat uchun to'lov qaytarilmaydi.
- Do'kon ushbu shartlarni qo'pol buzgani uchun to'xtatilsa, to'lov qaytarilmaydi.
10. Mualliflik huquqi
- Sotuvchi joylagan rasm va matnlarga huquq Sotuvchida qoladi. Sotuvchi Platformaga ularni Xizmat doirasida (sayt, bot, kanal, Xizmat reklamasi) bepul ko'rsatish huquqini beradi; bu huquq e'lon o'chirilganda tugaydi.
- Birovning rasmi yoki matni ruxsatsiz joylangani uchun da'vo kelsa, javobgarlik Sotuvchida.
11. Javobgarlikni cheklash
- Platformaning Sotuvchi oldidagi javobgarligi Sotuvchi oxirgi bir oyda Xizmat uchun to'lagan summa bilan cheklanadi.
- Telegram, internet provayderlari va boshqa uchinchi tomonlar sabab bo'lgan uzilishlar hamda fors-major holatlari uchun Platforma javob bermaydi.
12. Nizolarni hal qilish
Nizolar avval muzokara yo'li bilan hal qilinadi; murojaatga 10 ish kuni ichida javob beriladi. Kelishuvga erishilmasa, nizo O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda sudda ko'riladi.
13. Shartlarning o'zgarishi
Platforma shartlarni o'zgartirishi mumkin; yangi tahrir shu sahifada sanasi bilan e'lon qilinadi. Muhim o'zgarishdan keyin Sotuvchi botda yangi tahrirga qayta rozilik beradi; rozi bo'lmasa, do'konni o'chirishni so'rashi mumkin.
14. Rekvizitlar
- Kompaniya: "Taminot tizimi" MChJ
- STIR: 311069674
- Manzil: Andijon sh., Milliy tiklanish k-si, 5-uy.
- Hisob raqami: 20208000707001903001
- Bank: "Hamkorbank" ATB
- MFO: 00083
- Rahbar: Xojiabror Maxmudov
- Aloqa: +998907706660 · info@schain.uz